2025-yil 23-iyun kuni Samarqand shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Davlat xizmati bo‘yicha forumi (United Nations Public Service Forum – UNPSF) tantanali ravishda boshlandi. Ushbu nufuzli xalqaro anjumanda 100 dan ortiq davlatdan 600 nafardan ziyod ishtirokchi, jumladan, hukumat vakillari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari va global kompaniyalar rahbarlari tashrif buyurmoqda.
Forumda Cyber University mas'ullari ham faol ishtirok etmoqda. Tadbir davomida sun’iy intellekt, blokcheyn, katta ma’lumotlar tahlili va bulutli texnologiyalar yordamida davlat xizmatlarini rivojlantirish, mavjud muammolar va yangi imkoniyatlar muhokama qilinmoqda. Raqamli hukumat tizimlari, ma’lumotlarni samarali boshqarish va fuqarolarga yo‘naltirilgan innovatsion yondashuvlar asosiy e’tibor markazida bo‘lib, ushbu sohalardagi eng ilg‘or tajribalar taqdim etilmoqda.
Forum dasturi doirasida BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti (UNDESA), BMTning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UNESCAP) kabi xalqaro tuzilmalar ekspertlari ishtirokida plenar sessiyalar, amaliy seminarlar va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlar davlat xizmatlarini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish bo‘yicha global hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir haqida batafsil ma’lumot va dasturni rasmiy veb-saytdan topishingiz mumkin: www.unpsf2025.org