

Joriy yilning 13–14-aprel kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi hamda O‘zbekiston–Polsha oliy ta’lim muassasalari rektorlarining III forumi doirasida “Cyber University” davlat universiteti xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lida muhim qadam tashladi.

Nufuzli xalqaro tadbir doirasida universitet tomonidan Polsha Respublikasining yetakchi texnik oliy ta’lim muassasalari — Poznan University of Technology hamda Silesian University of Technology bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi. Mazkur hujjatlar ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ilmiy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishni nazarda tutadi.Poznan texnologiya universiteti Polshaning yirik davlat texnik oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, 1919-yilda tashkil etilgan. Universitet muhandislik va texnologiya yo‘nalishlarida mustahkam ilmiy maktab va boy ta’lim an’analariga ega. Bugungi kunda bu yerda minglab talabalar tahsil olib, muhandislik, axborot texnologiyalari hamda boshqa texnik sohalarda bilim olmoqda. Universitet tarkibida ixtisoslashgan fakultetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritadi.
.jpg%3F2026-04-14T10%3A06%3A03.690Z&w=3840&q=100)
Ta’lim jarayoni amaliy yondashuv asosida tashkil etilib, ishlab chiqarish sohasi bilan uzviy bog‘langan. Xalqaro akademik aloqalarni rivojlantirish hamda innovatsion tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash universitet faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Sileziya texnologiya universiteti esa 1945-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Polshaning yirik texnik oliy ta’lim maskanlaridan biri hisoblanadi. Universitet Sileziya hududida joylashgan bo‘lib, muhandislik va texnik fanlar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan. Ta’lim jarayoni laboratoriya ishlari va amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashgan holda olib boriladi. Universitet sanoat korxonalari bilan yaqin hamkorlik qilib, ta’limning amaliy jihatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Shu bilan birga, xalqaro ta’lim va ilmiy dasturlarda faol ishtirok etib, innovatsion loyihalarni amalga oshirishni izchil davom ettirmoqda.

Tomonlar, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, o‘quv jarayoniga zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish hamda sanoat bilan integratsiyalashgan, amaliy ko‘nikmalarga yo‘naltirilgan ta’lim modellarini rivojlantirish borasida ham hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Ushbu kelishuvlar “Cyber University”ning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish hamda talabalar uchun global imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
