
Tashrif doirasida mehmonlar universitetning ta’lim va innovatsiya infratuzilmasi bilan tanishdilar. Xususan, Axboron-resurs markazi, robototexnika xonalari, zamonaviy laboratoriyalar hamda “Cyberkent” loyihasi taqdim etildi. Delegatsiya a’zolari talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va amaliy ta’lim imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishdi.
Shundan so‘ng universitet rahbariyati va jamoasi tomonidan ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda raqamli ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil taqdimot o‘tkazildi. Uchrashuvda sun’iy intellekt texnologiyalarini masofaviy ta’lim jarayoniga joriy etish bo‘yicha to‘plangan tajriba va magistratura dasturlari xususida ham ma’lumot berildi.
Muzokaralarning asosiy qismi kiberxavfsizlik va raqamlashtirish sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish masalalariga bag‘ishlandi. Tomonlar soha xodimlarini ish faoliyatidan ajralmagan holda magistratura bosqichida o‘qitish, ilmiy tadqiqotlarga jalb qilish va o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Shuningdek, kiberxavfsizlik bo‘yicha yetarli bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan iqtidorli talabalarni sohaviy loyihalar hamda tegishli tuzilmalar faoliyatiga jalb qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida milliy axborot xavfsizligini mustahkamlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.