
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi tomonidan informatika fani o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan «InfoTeach» loyihasining navbatdagi amaliy seminar-treningi Cyber University mezbonligida yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbir umumiy o‘rta ta’lim maktablarida informatika fanini o‘qitish sifatini yanada oshirish, ilg‘or AKT yechimlarini ta’lim jarayoniga keng joriy etish hamda «maktab — oliy ta’lim» integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qildi. Seminar davomida o‘qituvchilarning kibersavodxonligini rivojlantirish, dars jarayonlarini innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda Cyber University prorektori A. Abidjanov ishtirok etib, xalqaro standartlarga asoslangan IT-ta’limning bugungi kundagi ahamiyati hamda raqamli xavfsizlik madaniyatini maktab davridanoq shakllantirish zarurligi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, maktab o‘qituvchilarini metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va ular bilan samarali hamkorlikni rivojlantirish universitetning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Seminar doirasida Innovatsiya, xalqaro grantlar va loyihalar bo'limi bosh mutaxassisi S. Alimova «Sun’iy intellect vositalaridan dars jarayonlarida samarali foydalanish va uning xavfsizlik jihatlari» mavzusida ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Unda sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash hamda ta’lim samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.