Cyber Universityga Janubiy Koreyaning yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri – KAIST (Korea Advanced Institute of Science and Technology) professor-olimlari delegatsiyasi tashrif buyurdi. Dunyo miqyosida ilmiy va texnologik innovatsiyalar markazi sifatida e'tirof etilgan KAIST – global ta'lim va tadqiqot sohasidagi eng nufuzli nomlardan biri bo'lib, sun'iy intellekt, robototexnika, kiberexavfsizlik va kvant hisoblash sohalaridagi yetakchiligi bilan mashhur. Ushbu tashrif Cyber University talabalari uchun muhim akademik voqea bo'ldi.
Bugun KAIST Matematika fanlari fakulteti professorlari – Ganguk Xwang (Ganguk Hwang), Hyonxo Chun (Hyonho Chun), Donxwan Kim (Donghwan Kim) va Chun Hyonxo (Chun Hyonho) – ishtirokida mehmon ma'ruzasi bo'lib o'tdi. Professorlar universitet faoliyati, ta'lim tizimi va o'qitish usullari haqida ma'lumot berib, talabalarda tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv va ilmiy mustaqillikni rivojlantirishga qaratilgan KAIST falsafasini ta'kidladilar.
Ma'ruzada matematika fanining zamonaviy ilm-fan va texnologiya taraqqiyotidagi o'rni, shuningdek, mashinali o'qitish va sun'iy intellekt tizimlaridagi matematik mantiq va tahlil usullarining asosiy roli yoritildi. AI texnologiyalarining katta ma'lumotlarni tahlil qilish, modellashtirish va amaliy muammolarni yechishdagi qo'llanishiga misollar keltirildi. Fundamental bilimlar, fanlararo yondashuv va ijodkorlik uyg'unligi KAIST ta'limining asosiy tamoyillari sifatida qayd etildi.
KAIST olimlarining ma'ruzasi Cyber University talabalari uchun katta ilhom manbai bo'ldi. Universitet tashrif va Janubiy Koreyaning ilg'or akademik tajribasini bo'lishgani uchun chin qalbdan minnatdorchilik izhor etadi. KAIST – 1971-yilda tashkil etilgan, 10 000 dan ortiq talabasi va 90 dan ziyod mamlakat vakillari bilan dunyo reytinglarida yetakchi ilmiy-tadqiqot universiteti.