Google — innovatsiyalar yuragida O‘zbekiston delegatsiyasi!
AQSHga uyushtirilgan rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi dunyoning eng yirik va nufuzli texnologik gigantlaridan biri — Google kompaniyasining bosh ofisiga tashrif buyurdi. Delegatsiyani kutib olish va kompaniya faoliyati bilan tanishtirish uchun maxsus mutaxassis biriktirildi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Google kompaniyasining yetakchi bo‘limlari — Google Space, Google Cloud, Google Translate va Android markazlariga sayohat qilishdi. Ushbu bo‘limlarda minglab ilg‘or dasturchilar va muhandislar faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, tashrif doirasida delegatsiya Google’ning tarixiy binosiga — kompaniya ilk bosqichlari asos solingan markazga ham tashrif buyurdi.
Tashrif ikki asosiy bosqichda tashkil etildi:
1. Tanishtiruv uchrashuvi – kompaniya faoliyati va innovatsion loyihalar bilan yaqindan tanishuv.
2. Taklif va fikr almashinuvi – hamkorlik istiqbollari bo‘yicha ochiq muloqot va muhokamalar.
Delegatsiya tomonidan ilgari surilgan muhim takliflar:
1. Google Translate’da o‘zbek tilini mukammallashtirish – Hozirda tizimda o‘zbek tili mavjud, ammo tarjimalar sifatini oshirish, lug‘aviy boylik va kontekstual aniqlikni ta’minlash yuzasidan hamkorlik taklifi bildirildi.
2. Google xodimlariga qo‘yiladigan talablar asosida yoshlarni tayyorlash – Bu orqali O‘zbekiston talabalari uchun xalqaro kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
3. O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosini raqamlashtirish – Xususan, Qoraqalpog‘istondagi Savitskiy muzeyida saqlanayotgan san’at asarlarini raqamlashtirib, dunyo auditoriyasiga taqdim etish taklifi ilgari surildi.
Google vakillari tomonidan takliflar katta qiziqish bilan kutib olindi. Kelgusida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Google’ga rasmiy murojaatlar yuborilib, istiqbolli loyihalar yuzasidan muzokaralar olib boriladi.
Texnologiya, ilm-fan va madaniyat chorrahasida yangi bosqich boshlanmoqda!
Bu tashrif nafaqat hamkorlik uchun yangi eshiklar ochdi, balki yoshlarimizga global texnologik maydonda o‘z o‘rnini topishga kuchli ilhom ham berdi.