

2025-yil yakunlariga ko‘ra, Cyber University professor-o‘qituvchilari xalqaro ilmiy hamjamiyatda keng e’tirof etilgan Scopus ma’lumotlar bazasida indekslangan ilmiy jurnallarda 30 dan ortiq maqola nashr ettirdilar. Ushbu maqolalar orasida birinchi va ikkinchi kvartil (Q1 va Q2) toifasiga kiruvchi nufuzli xalqaro jurnallarda chop etilgan tadqiqotlar ham o‘rin olgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu natijaga universitet faoliyatining dastlabki bosqichidayoq erishildi. Xususan, o‘quv jarayoni 2025-yil sentyabr oyida boshlanganiga qaramay, professor-o‘qituvchilar atigi to‘rt oy ichida yuqori ilmiy faollikni namoyon etib, salmoqli ilmiy-nashriy natijalarga erishdilar.
Mazkur ko‘rsatkich universitetda ilm-fan va ta’lim integratsiyasini ta’minlash, zamonaviy tadqiqot yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda xalqaro akademik maydonda munosib o‘rin egallashga qaratilgan tizimli ishlar samarasi ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, bu natija professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati, tashabbuskorligi va ilmiy izlanishlarga bo‘lgan yuksak mas’uliyatini yaqqol namoyon etadi.
Bugungi kunda Cyber Universityda ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, nufuzli ilmiy jurnallarda chop etiladigan maqolalar sonini ko‘paytirish hamda yosh tadqiqotchilarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Erishilgan ushbu natija universitetning zamonaviy ta’lim va ilmiy markaz sifatida shakllanib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.