2025-yil 31-iyul kuni universitetimizda Koreya Respublikasining yetakchi soha kompaniyalaridan biri – BIT Computer Co., Ltd. Kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv Memorandumini imzoladilar.
BIT Computer – 40 yillik tajribaga ega, telemeditsina, raqamli sog‘liqni saqlash va IT taʼlimi sohalarida faoliyat yurituvchi Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalaridan biridir. Kompaniya o‘z faoliyatini nafaqat Koreyada, balki AQSH, Yaponiya, Tailand, Ukraina, Qozog‘iston, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarda ham amalga oshirmoqda.
BIT Computer tomonidan 2024 yilda O‘zbekistonda ishga tushirilgan K-LAB Uzbekistan loyihasi doirasida talabalar va o‘qituvchilar uchun yuqori texnologik taʼlim, amaliy kurslar, IT uskunalar bilan taʼminlash hamda raqamli transformatsiya yo‘nalishlarida qo‘llab-quvvatlash belgilangan.
Cyber University va BIT Computer o‘rtasida hamkorlik Universitet o‘quv dasturlari va professor-o‘qituvchilari ishtirokida K-LAB kurslarini takomillashtirishi, raqamli transformatsiyaga oid loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, talabalar va o‘qituvchilar uchun taʼlim va malaka oshirish imkoniyatlarini taqdim etish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilishi mumkin.
Ushbu hamkorlik nafaqat universitetimiz, balki butun mamlakat yoshlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.