
Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan 2025/2026-o‘quv yili qabul qoidalari doirasida, kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt chegaralariga 4,05 balldan ortiq yetmagan, ammo 56,7 balldan kam bo‘lmagan abituriyentlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi.
Ushbu abituriyentlar o‘qish istagini bildirgan taqdirda, birinchi o‘quv yili uchun belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga nisbatan tabaqalashtirilgan to‘lov tizimi qo‘llaniladi.
Davlat komissiyasi qaroriga ko‘ra, to‘lov-kontrakt miqdorlari quyidagi shartlar asosida moslashtiriladi:
Qabul chegarasiga 1,0 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;
1,0 balldan 2,0 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,0 barobari;
2,0 balldan 3,0 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2,5 barobari;
3,0 balldan 4,0 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 3,0 barobari.

Bundan tashqari, 4,0 balldan yuqori yetmagan ballar universitet rahbariyati tomonidan belgilangan bo‘lib, har bir yo‘nalish bo‘yicha to‘lov miqdori necha barobargacha oshirilishi haqidagi batafsil ma’lumotlar rasmiy saytimiz orqali taqdim etilgan. Ushbu ma’lumotlarni rasmiy saytimizdan olishingiz mumkin.
Shartnoma summalarini esa kontrakt.edu.uz orqali olishingiz mumkin.
Ushbu tizim abituriyentlarga adolatli va shaffof sharoitlar taqdim etish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, birinchi o‘quv yili uchun to‘liq qo‘llanilishi ta’minlanadi.