
2025-yil 26-noyabr kuni Cyber Universityda xalqaro huquq sohasining nufuzli mutaxassisi, Ispaniyaning Ramon Llull Universiteti professori hamda AQShning Stanford Universiteti Huquq maktabining ilmiy tadqiqotchisi Xuan Barata Mir tomonidan “Xalqaro huquq ilmidagi yangi qarashlar” mavzusida ochiq ma’ruza o‘qildi.
Professor Barata Mir o‘z nutqida bugungi kunda global miqyosda kechayotgan huquqiy islohotlarning asosiy tendensiyalarini chuqur tahlil qilib, ayniqsa raqamli texnologiyalar davridagi huquqiy tartibga solish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. U platformalar mas’uliyati, sun’iy intellektni huquqiy jihatdan tartibga solish, shaxsiy ma’lumotlar himoyasi va transchegaraviy axborot oqimlarini boshqarish kabi dolzarb masalalarni yangicha yondashuvlar asosida yoritdi.
Ma’ruzada, shuningdek, xalqaro akademik hamkorlikning yangi shakllari – qo‘shma ilmiy loyihalar, talabalar almashinuvi dasturlari va yetakchi huquq maktablari o‘rtasidagi strategik sheriklikning kelajakdagi istiqbollari haqida atroflicha so‘z yuritildi. Professor Barata Mir Yevropa va Amerika tajribasini misol qilib, O‘zbekistonning xalqaro huquqiy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi salohiyatini yuqori baholadi.
Ma’ruza yakunida savol-javob qismi tashkil etilib, tinglovchilar – professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, magistrantlar va talabalar faol ishtirok etishdi. Talabalarning har bir savolga bergan asosli va chuqur javoblari katta taassurot qoldirdi.
Ushbu tadbir nafaqat xalqaro huquqning dolzarb muammolarini chuqurroq anglash imkonini berdi, balki Cyber University bilan dunyoning yetakchi huquq maktablari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Professor Xuan Barata Mirga samimiy minnatdorchilik bildiramiz va kelgusida ham shunday ilmiy uchrashuvlar davom etishiga umid qilamiz!