

Bugun Cyber University davlat universiteti rektori Shuxrat Kayumov boshchiligidagi universitet delegatsiyasi Beeline Uzbekistan kompaniyasiga tashrif buyurib, kompaniya direktori Yevgeniy Nastradin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida universitet hamda mamlakatning yetakchi telekommunikatsiya kompaniyalaridan biri o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, raqamli iqtisodiyot uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayonining amaliy komponentini kuchaytirish, shuningdek, talabalar uchun telekommunikatsiyalar, raqamli texnologiyalar, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida yangi imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Cyber University va Beeline Uzbekistan o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, talabalarning amaliy tayyorgarligini mustahkamlash, qo‘shma tadbirlar, ekspert ma’ruzalari, mahorat darslari, stajirovkalar tashkil etish hamda universitet ta’limini sohaning real ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan boshqa hamkorliklarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Cyber Universityning ustuvor vazifalaridan biri raqamli transformatsiya sharoitida samarali faoliyat yurita oladigan zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Beeline Uzbekistan bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik talabalar uchun amaliy yo‘naltirilgan imkoniyatlarni kengaytirish, akademik bilimlarni real sektor tajribasi bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, ikki diplomli ta’lim dasturlarini joriy etish kabi istiqbolli ta’lim formatlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

Tomonlar raqamli rivojlanish uchun zamonaviy kadrlar tayyorlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda uzoq muddatli va samarali hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.